2026-06-18
Bojxona qoʻmitasi Matbuot xizmati, Bojxona instituti oʻqituvchilari hamda Milliy kinologiya markazi xodimlari tashabbusi bilan Sergeli tumanidagi 317-sonli umumtaʼlim maktabida “Yoshlar narkotiklarga qarshi!” shiori ostida targʻibot tadbiri tashkil etildi.
Unda maktabda tashkil etilgan oromgohga jalb qilingan bolajonlarga giyohvand moddalarning yoshlar kelajagiga salbiy taʼsiri, sogʻlom turmush tarziga amal qilish, sport bilan shugʻullanish, yaxshi doʻst tanlash hamda zararli odatlardan yiroq boʻlish muhimligi haqida soʻz yuritildi.
Shuningdek, har qanday notanish kimsalarning taklifiga ishonmaslik, shubhali holatlarga duch kelganda esa albatta ota-onasi yoki ustozlariga murojaat qilish lozimligi alohida taʼkidlandi.
Tadbir doirasida Milliy kinologiya markazi xodimlari tomonidan qiziqarli koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi. Xizmat itlarining narkotik va portlovchi moddalarni zukkolik bilan topish jarayoni bolalarda katta qiziqish uygʻotdi.
Interaktiv ruhda oʻtgan tadbir davomida oʻquvchilarga mavzuga oid qiziqarli savollar berilib, faol ishtirok etgan bolajonlar ragʻbatlantirildi.