2026-02-02
Bojxona qoʻmitasi Raisi oʻrinbosarlari O.Choriyev hamda N.Musamuxamedov, boshqarma boshliqlari hamda tegishli masʼullar ishtirokidagi yigʻilishda Sergeli tumanida jamoat xavfsizligini taʼminlash, mahallalarda tinch va barqaror muhitni yaratish, shuningdek, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, Ishchi guruh tomonidan Sergeli tumanidagi mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, 46 ta mahallaga 165 ta masʼul xodimlar biriktirilgan.
Qolaversa, 18 ta ijtimoiy hamda savdo obyektlari va 17 ta xonadonlar texnik qoʻriqlovga olinib, 12 ta tashvish tugmalar oʻrnatildi. “Qizil” toifaga tushgan “Keng makon”, “Nurhayot” va “Daryo boʻyi” mahallalarida sayyor qabul oʻtkazilib fuqarolarning 32 ta muammoli masalalari joyida hal etildi.
42 ta notinch oilalarning ishi koʻrib chiqilib, 3 tasi yarashtirildi. 12 tasining nizosi bartaraf etildi hamda 28 tasi “Mening inspektorim” ilovasiga ulandi.
Bundan tashqari, 40 ta ishlab chiqarish korxona rahbarlari bilan shaxsan uchrashilib, 13 ta muammoli masalasi ijobiy hal etildi, 15 tasiga esa tushuntirishlar berildi.
Yigʻilishda mahallalarda manzilli ishlash tizimini yanada takomillashtirish, aholi bilan muloqotni kuchaytirish hamda hamkor tashkilotlar bilan oʻzaro hamjihatlikda faoliyat yuritish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish muhimligi taʼkidlandi.