2024-02-02
Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan qator tezkor tadbirlar davomida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.
Jumladan, Xiva tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan shaxsning xonadoni belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida, bu yerda 1,8 kg.dan ziyod ogʻirlikdagi marixuana giyohvandlik vositasi yashirincha saqlanayotgani aniqlandi.
Navbatdagi tezkor tadbir Xonqa tumanida oʻtkazildi. Shubha ostiga olingan shaxsning xonadoni koʻzdan kechirilganida, xonadon chordogʻida 2 kg.dan ziyod marixuana giyohvandlik vositasi saqlanayotgani fosh boʻldi.
Xiva tumanida oʻtkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa oldindan kuzatuvga olingan shaxsning uyida 2,6 kg.dan ziyod marixuana hamda 3,7 gr. “gashish” giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi.
Barcha holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.