2025-07-19
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida bojxona sohasidagi hamkorlik har tomonlama kengayib bormoqda. Jumladan, ikkala davlat bojxona xizmatlarining kinologiya sohasidagi hamkorligi amaliy natijalarga boy bo‘lmoqda.
O‘tgan yillar davomida Bojxona qo‘mitasi Raisining Koreyaga, Koreya bojxona xizmati rahbarining O‘zbekistonga amalga oshirgan xizmat safarlari davomida erishilgan kelishuvlar natijasida poytaxtimizdagi Milliy kinologiya markazida “Giyohvand vositalarni qidirish” yo‘nalishida tayyorlangan navbatdagi xizmat itlari Koreya bojxona xizmatiga taqdim qilindi.
2023-2024-yillarda Milliy kinologiya markazida tayyorlangan va Koreya bojxona xizmatiga yuborilgan 6 bosh labrador zotiga mansub xizmat itlari bugungi kunda xalqaro aeroport va dengiz portlaridagi faoliyati davomida yuqori samaradorlikni namoyon etmoqda.
Shu bois joriy yilning iyun oyida koreyalik mutaxassislar Milliy kinologiya markaziga tashrif buyurib, yana 6 bosh xizmat itlarini xarid qilish yuzasidan ikki tomonlama shartnoma imzolashdi.
Mazkur shartnoma doirasida kuni kecha Toshkent xalqaro aeroporti orqali 6 bosh xizmat itlari tegishli veterinariya diagnostika va ko‘riklardan muvaffaqiyatli o‘tkazilib, xalqaro tashish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni rasmiylashtirgan holda Koreyaga jo‘natib yuborildi.
Ya’ni, xizmat itlari “Eksport uch qadamda” tizimi orqali rasmiylashtirilib, bojxona yuk deklaratsiyasi asosida Koreyaga eksport qilindi.
Bugun Jessi, Bella, Farona, Rada, Fayz, Fariz laqabli xizmat itlarini Koreyalik bojxonachilar qabul qilib olishdi va iqlimga moslashish jarayonlari yakuniga yetgach, xizmatga safarbar qilinadi.
Shunday qilib, hozirga qadar Milliy kinologiya markazida yetishtirilib, giyohvandlikka qarshi kurashish yo‘nalishida tayyorlangan va Koreyaga yuborilgan xizmat itlari soni 12 taga yetdi.
Bu esa Milliy kinologiya markazining yuqori toifali xizmat itlarini tayyorlash va xorijiy hamkorlarga yetkazish bo‘yicha eksport salohiyatini muttasil oshayotganini ko‘rsatadi.