Milliy kinologiya markazi

Bojxona qoʻmitasining Milliy kinologiya markazi 1996 yilda tashkil etilgan. Markaz faoliyati Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining Milliy kinologiya markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1029-son qarori hamda 2021 yil 18 yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining Milliy kinologiya markazi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish toʻgʻrisida” 21-son qarorlari bilan huquqiy tartibga solingan. Milliy kinologiya markazi Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy kinologiya markazi maqomiga ega boʻlib, shartnoma asosida kinologlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar kinologiya xizmatlari uchun xizmat itlarini tanlash, sotib olish, koʻpaytirish va parvarishlash, oʻrgatish huquqiga ega. Milliy kinologiya markazi tomonidan: turli yoʻnalishlar boʻyicha xizmatga yaroqli zotdor xizmat itlarini koʻpaytirish, sotib olish va parvarishlash; Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning ushbu yoʻnalishdagi jamoat tashkilotlari hamda kinologiya xizmatlari bilan oʻzaro hamkorlik dasturlari doirasida zotdor xizmat itlarini koʻpaytirish, sotib olish, sotish va almashish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, Markazda kinologiya xizmati sohasida xalqaro va milliy koʻrgazmalar, musobaqalar va boshqa tadbirlar oʻtkazilib kelinadi. Markaz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralarning buyurtmanomalari boʻyicha kinologlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, xizmat itlarini tanlash, sotib olish, koʻpaytirish, parvarishlash va oʻrgatish tadbirlarini shartnoma asosida amalga oshiradi. Markazda quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha kinologlar oʻqitilib, xizmat itlari tayyorlanadi:
- giyohvandlik vositalarini qidirish;
- kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari va psixotrop moddalarni qidirish;
- qurol-yarogʻ, oʻq-dori va portlovchi moddalarni qidirish;
- valyuta qimmatliklarini qidirish;
- tamaki mahsulotlarini qidirish;
- oʻsimlik va urugʻlarini qidirish;
- fauna ob'ektlarini qidirish;
- mina qidiruv xizmati;
- iz-qidiruv xizmati;
- himoya-qorovul xizmati;
- qidiruv-qutqaruv xizmati;
- antiterror..
Markazda instruktorlarni tayyorlash boʻyicha 2 oylik oʻquv kurslari ham tashkil etiladi. Oʻquv kurslarni oʻtash uchun barcha shart-sharoitga ega boʻlgan kompyuter sinflari, har bir yoʻnalishdan kelib chiqib jihozlangan oʻquv xonalari, xizmat itlari bilan boshlangʻich amaliy mashgʻulot oʻtkazish xonasi va kinologiya sohasiga oid oʻquv adabiyotlar bilan ta'minlangan boy ilmiy kutubxona mavjud. Markaz xalqaro standartlarga javob beradigan infratuzilmaga ega boʻlib, u muntazam takomillashtirilib boriladi. Xizmat itlarida turli vaziyatlarda vazifani bajarish koʻnikmasini shakllantirish uchun dala sharoitini toʻla-toʻkis oʻzida aks ettiruvchi mashq maydonlari, turli toʻsiqlar hamda qidiruv mashqlarini oʻtkazish uchun moslamalar, temir yoʻl vagoni, teploxod, samolyot, konteynerlar, engil va yuk avtoulovlari, togʻ-toshli relefi maketlari mavjud. Markazning Ixtisoslashtirilgan veterinariya xizmati tomonidan xizmat itlariga veterinariya-profilaktika, laboratoriya tekshiruvlari olib boriladi. Uning tarkibida karantin bloki, kasallangan itlar uchun izolyator, veterinariya shifoxonasi, laboratoriya-tashxis va maxsus jihozlangan rentgen-tashxis xonasi, jarrohlik xonasi hamda degelmintizasiya tadbirlari uchun ajratilgan maydonchalardan iborat yaxlit davolash majmuasi barpo etilgan. Markazda 100 bosh xizmat itlarini saqlashga moʻljallangan xizmat itlari pitomnigi mavjud boʻlib, 10 ta qishki va yozgi voler bloki, xizmat itlarini choʻmiltirish xonasi, xoʻjalik bloki, xizmat itlariga ozuqa tayyorlash uchun maxsus oshxona mavjud. Shu bilan birga, markaz 26 ta qishki va yozgi volerlari mavjud boʻlgan zamonaviy tugʻruq kompleksiga ega boʻlib, ushbu kompleksda yosh it bolalarini parvarishlash, tanlash, etishtirish ishlari amalga oshiriladi. Mazkur tugʻruq kompleksida yiliga oʻrtacha 70 - 80 bosh yosh it bolalari etishtiriladi. Xizmat itlari pitomnigida nemis ovcharkasi, belgiya ovcharkasi (malinua), sharqiy evropa ovcharkasi, oʻrta osiyo ovcharkasi, labrador, ingliz kokker-spanieli, rus spanieli zotiga mansub xizmat itlari parvarishlanadi. Ixtisoslashtirilgan veterinariya xizmati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 yanvardagi 21-son qaroriga asosan jismoniy va yuridik shaxslarga 57 turdagi veterinariya davolash-profilaktika va laboratoriya-diagnostika ishlari boʻyicha pulli xizmat koʻrsatiladi. Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning itlarini umumiy mashq kursi va himoya-qorovul xizmati talablari boʻyicha shartnoma asosida oʻrgatilab beriladi. Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlariga xizmatga yaroqsiz (sogʻlom) boʻlgan itlarni belgilangan tartibda sotish ishlari amalga oshiriladi.

Markazda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda chegara boshqaruviga koʻmaklashish dasturi (BOMKA), shuningdek, yaqin va uzoq xorij mamlakatlari bilan ikki tomonlama hamkorlik doirasida oʻtgan yillar davomida: 10 dan ortiq mintaqaviy oʻquv kurslar oʻtkazilib, unda Armaniston, Afgʻoniston, Eron, Rossiya, Qirgʻiz, Qozogʻiston, Moʻgʻuliston, Tojikiston, Turkmaniston bojxona va chegara xizmatlarining 190 nafar kinologlari oʻqitilib, xizmat itlari tayyorlangan.

Kinologiya va veterinariya sohasi boʻyicha Turkiya, Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Latviya, Litva, Buyuk Britaniya hamda Rossiya bojxona organlari kinologiya xizmatlari bilan yaqindan hamkorlik ishlari yoʻlga qoʻylgan. 2024 yilda Markazning 4 nafar instruktorlari Buyuk Britaniyaning Surrey polisiyasi kinologiya markazida malaka oshirdilar. Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda chegara boshqaruviga koʻmaklashish “BOMSA” dasturi doirasida 2022 yilda bir kinolog Latviyada 2024 yilda bir nafar instruktor Litvada 3-oylik oʻquv kursida tasxil oldilar.

2022 va 2023 yildlarda Markazning 4 nafar xodimlari Rossiya Federasiyasining Shyolkova shahrida MDHga a'zo davlatlar bojxona ma'muriyatlari kinologiya faoliyatida boshqaruvni tashkil etishning dolzarb masalalari dasturi boʻyicha xalqaro malaka oshirish oʻquv kursida taxsil oldilar. Rossiya Federasiyasi, Armaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiz va Tojikiston Respublikalari kinologlar uchun Markazda muntazam ravishda oʻquv-amaliy seminar va treninglar tashkil etib kelinadi. Xususna, 2024 yilning may oyida Rossiya, Qirgʻiz va Tojikiston davlatlari kinologlari, 2025 yilning sentyabr oyida Qozogʻiston va Qirgʻiz davatlari kinologlari (xizmat itlari bilan) ishtirokida tabiiy giyohvandlik vositalaridan foydalanilgan holda xizmat itlarini chegara bojxona postlarida giyohvandlik vositalarini qidirib topishga oʻrgatishning oʻziga hos uslubi mavzusida markazda oʻquv-amaliy seminar boʻlib oʻtdi.

2024 yilning dekabr oyida Sheremetevo bojxonasi kinologi Milliy kinologiya markazida bir oylik oʻquv kursida, 2025 yil mart oyida Belarus Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi “Bojxona organlari kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash davlat instituti” katta instruktori malaka oshirish kursida taxsil oldi. 2024 yilning noyabr oyida Markaziy Osiyoda yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish borasida mintaqaviy seminar oʻtkazilib, «Fauna&Flora» va «TRAFFIS» xalqaro tashkilotlari hamda Qozogʻiston va Oʻzbekiston Respublikasining mutasaddi vazirlik va idoralar hamda jamoat tashkilotlari xodimlari ishtirok etishdi. 2023 - 2025 yillar davomida Markazda etishtirilgan va oʻrgatilgan 12 bosh “labrador” zotiga mansub xizmat itlari oʻzaro hamkorlik dasturi doirasida Janubiy Koreya davlatiga eksport qilindi.