2026-04-17
"Yoshlar kuni" munosabati bilan, Bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazida Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi yoshlarning, muammolari hal etish uchun norasmiy tarzda ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O.Choriyev hamda Sergeli tumani hokimi o‘rinbosari O‘.Mahkamov va qator mutasaddilar ishtirok etdi.
Noan’anaviy formatda o‘tgan uchrashuvda yoshlarning muammolariga atroflicha yondashildi va o‘z yechimini topmayotgan bir qator masalalar ijobiy hal etildi.
Jumladan, bir nafar yoshga sartaroshxona faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun zarur uskunalar va joy masalasi ijobiy hal qilindi. Shuningdek, yosh murabbiy uchun sport zalini jihozlashga kerakli inventarlar ajratiladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, sportning kurash turi bo‘yicha murabbiylik guvohnomasini olishda bir nafar yoshga amaliy yordam ko‘rsatilishi belgilandi.
Uchrashuvda bir nafar yosh Yengil atletika federatsiyasiga ishga qabul qilindi. Yana 4 nafar yoshning mutaxassisliklari va egallagan kasbidan kelib chiqib ishga joylashtirish masalasi amalda hal etildi.
Shu bilan birga, ish va oliy ta’limga kirish bo`yicha maslahat so‘rab murojaat qilgan 10 dan ortiq yoshlarga aniq yo‘nalishlar ko‘rsatilib, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha har biri bilan individual tartibda shug‘ullanish choralari ko‘rildi.
"Rahbar va yoshlar" uchrashuvlari yosh avlod vakillarining maqsad va orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishda muhim omil bo‘lmoqda.