2025-10-24
Besh kun davom etgan seminarda O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston Respublikasi bojxona xizmatlari vakillari ishtirok etib, xizmat itlarini tayyorlash uslublarini hamda ularni real sharoitlarda qoʻllashning oʻziga xos jihatlari borasida oʻzaro tajriba almashishdi.
Seminar dasturi nafaqat nazariy, balki amaliy mashgʻulotlarni ham oʻz ichiga oldi. Unda kinologlar giyohvandlik vositalarini zamonaviy usullar bilan qidirish tajribalarini chegara bojxona postlariga chiqqan holda oshirishdi. Bu borada ilgʻor metodologiyalarni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha Markaz tajribasi va infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir doirasida, ishtirokchilar Markazda yaqinda barpo etilgan “Xotira majmuasi” poyiga gulchambarlar qoʻyib, marhum kinologlar xotirasiga hurmat bajo keltirishdi.
Tadbir soʻngida, Milliy kinologiya markazi va Qirgʻiziston Respublikasi bojxona xizmatining Ixtisoslashtirilgan oʻquv markazi oʻrtasida hamkorlik bayonnomasi imzolandi. Ushbu hujjat kadrlar tayyorlash, oʻquv dasturlari almashinuvi hamda xizmat itlarini tayyorlash borasida tajriba almashishni oʻz ichiga oladi.
Seminarning yakuniy qismida barcha faol ishtirokchilarga Bojxona qoʻmitasi Raisi oʻrinbosari O.Choriyev tomonidan sertifikatlar topshirildi.