2026-04-08
Milliy kinologiya markazi hamda Koreya Respublikasi bojxona xizmati kinologiya markazi o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonovning Koreya Respublikasiga tashrifi (https://t.me/customschannel/61712) hamda Korea Customs Week doirasida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Avvalgi uchrashuvlar davomida tomonlar bojxona xizmatlari o‘rtasida axborot almashinuvi qamrovini kengaytirish, kadrlar malakasini oshirish hamda kinologiya yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan edi.
Shuningdek, kinologiya sohasidagi hamkorlikning amaliy natijasi sifatida Milliy kinologiya markazida tayyorlangan 12 bosh "labrador" zotiga mansub xizmat itlari Koreya bojxonasiga yetkazib berilgani ta’kidlandi. Mazkur xizmat itlari hozirda aeroport va dengiz portlarida samarali xizmat olib bormoqda.
Onlayn uchrashuv davomida navbatdagi xizmat itlari yetkazib berish istiqbollari muhokama qilinib, ushbu masalalar yuzasidan kelgusi uchrashuvni o‘tkazishga kelishib olindi. Shuningdek, tomonlar o‘zaro tajriba almashish hamda o‘quv-uslubiy materiallar, jumladan, maxsus adabiyotlar bilan almashinuv masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida Koreya tomoni joriy yilning sentyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon bojxona tashkilotining 7-Global kinologiya forumida ishtirok etishga taklif etildi.